Beruniyning “Mineralogiya” asari o‘zbek tilida

0 1 113

O‘zbekiston hududi qadimdan jahon sivili­zatsiyasi markazlaridan biri bo‘lib kelgan. Sharqda ilk Uyg‘onish davrining qomusiy olimlaridan biri Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad Beruniy umumjahon aniq va ijtimoiy fanlar rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk aql-zakovat sohibidir.

Uning tabiiy-ilmiy va ma’rifiy-pedagogik hamda psixologik qarashlarining shakllanishida Sharq, yunon va hind qomusiy olimlarining asar­lari ta’lim va tarbiya maktabi vazifasini o‘tadi. Beruniy bu olimlarning asarlarini o‘qib bilish uchun yoshligidanoq arab, fors, yunon, sanskrit va yahudiy tillarini puxta o‘rgandi.

U astronomiya, astrologiya, falsafa, matema­tika, fizika, geodeziya, geologiya, farmakognoziya, mine­ralogiya, tarix, adabiyotshunoslik, tarjimon­lik, lug‘atshunoslik kabi sohalarda tadqiqotlar olib bordi, ilmiy va badiiy asarlar yaratib, ulkan samaralarga erishdi. Manbalarga ko‘ra, mashhur qomusiy allomaning 160 dan ziyod ilmiy ishidan bizgacha faqat 30 dan ortig‘i yetib kelgan, xolos.

Xususan, Beruniy dunyo ilm-fanida bi­rinchilardan bo‘lib dengizlar nazariya­si­niishlab chiqdi. Yer radiusini hi­sob­lab, uning sharsimon globusini yaratish yuza­sidan o‘ziga xos yangi g‘oyalarni il­gari sur­­di hamda vakuum, ya’ni bo‘shliq ho­latini izohlab berdi. Kolumb sayo­hatidan 500 yil avval Tinch va Atlantika okeanlari ortida qit’a mavjudligini aytdi. Mi­nerallar tasnifi va ularning paydo bo‘lish nazariyasini yaratdi. Geo­deziya fa­niga asos soldi. Shuning uchun ham dunyo ta­biiy fanlar tarixchilari to­monidan XI asr “Beruniy asri” deb nomlanadi.

Ulug‘ allomaning bizgacha yetib kelgan “Mineralogiya” asarida 30 dan ziyod qim­matbaho tosh va minerallarning nomi, ular­­ning kimyoviy va fizikaviy xossa­larini aniqlash, eritib sinash, deyarli bar­cha qimmatbaho tosh va turli ma’dan­lar, ularning qotishmalari haqida il­miy ma’lumotlar berilgan. Mazkur asar qator xorijiy tillarga tarjima qi­lingan bo‘l­sa-da, shu vaqtgacha o‘zbek ti­liga o‘gi­rilmagan edi. Navoiy kon-metallurgiya kombinati tashabbusi bi­lan Navoiy dav­lat konchilik instituti va Toshkent davlat sharqshunoslik ins­tituti olimlari ham­korligida “Mine­ralogiya” o‘zbek tiliga tar­jima qilindi va “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” nashriyotida chop etildi.

Kuni kecha Navoiy davlat konchilik ins­titutida Abu Rayhon Beruniyning “Mi­neralogiya” asarining yangicha qiyofa kasb etgan kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda respublikamizning yetakchi oliy o‘quv yurt­lari professor-olimlari va taniqli mutaxassislar qatnashdi.

Tadbirda Navoiy kon-metallurgiya kom­binati bosh direktori, Navoiy davlat kon­­chilik ins­ti­tuti rektori, pro­fessor Qu­vondiq Sana­qu­lov, Abu Rayhon Beruniy nomi­dagi sharqshunoslik ins­tituti pro­fes­sori Mirsodiq Is’hoqov, Sa­marqand dav­lat uni­ver­siteti pro­fes­sori Di­lorom Salohiy, geolog olim Isoqul Turo­bovlar so‘zga chiqib, buyuk qomu­siy olim­ning “Mine­ra­logiya” asari nafaqat il­miy, balki tarixiy nuq­tai nazardan ham alo­hida qimmatga ega­ligi, endigi vazi­fa ushbu asarni il­miy tad­qi­qot­chilar, muta­xas­sislar, ta­rixchilar, qola­versa, keng xalq ommasi­ning mulkiga ay­lan­tirishdan iborat ekanligini alo­hida ta’­kidladilar.

Shuningdek, mazkur noyob asarning ona tilimizga tarjima qilinishida o‘zbek ada­biyotshunosligining ulug‘ namoyandasi, atoq­li olim, zahmatkash va tolmas tad­qiqotchi, akademik Azizxon Qayumovning beqiyos xizmatlarini alohida e’tirof etishdi.

— Dunyoga O‘zbekiston zamini tuhfa etgan buyuk allomalar yaratgan no­dir asar­lar bugun ham ma’­naviy hayo­timizning asosi, fun­da­mental tad­qiqotlar va ilmiy izla­nishlar uchun manba bo‘lib xizmat qil­moqda, — dey­di professor M. Is­hoqov. — Beru­niy mi­ne­rallar va ma’­dan­lar­ning o‘z dav­ri­dagi narx-navosi, ba’zi­lari­ning shifo­baxsh­lik xusu­siyat­lari, nodir tosh va me­tal­lar bilan bog‘­liq ay­rim qiziqarli etno­grafik ma’­lu­mot­larni bayon et­ganki, bular mazkur kitob­ning muhim tarixiy manba si­fatidagi ahamiyatini yanada oshiradi.

Darhaqiqat, Beruniyning “Minera­logiya” asarining o‘zbek tilida nashr qilinishi yoshlarimiz o‘rtasida buyuk ajdodlarimiz ilmiy xazinasidan kengroq xabardor bo‘lish imkoniyatini beradi.

Tadbirda asarning elektron nash­ri ham tadbir ishtirokchilari e’ti­bo­riga havola etildi.

Azamat ZARIPOV,

NKMK matbuot kotibi.

Если вы нашли ошибку, пожалуйста, выделите фрагмент текста и нажмите Ctrl+Enter.

Оставьте ответ

Ваш электронный адрес не будет опубликован.

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: