Hazrat Navoiy merosi dunyo nigohida

0 1 977

Buyuk mutafakkir shoir va davlat arbobi hazrat Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligi munosabati bilan “Alisher Navoiy ijodiy merosining umumbashariyat ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusidagi II Xalqaro ilmiy konferensiya yurtdoshlarimizga haqiqiy adabiyot va she’riyat bayraminibaxsh etdi. Anjumanga tashrif buyurgan xorijiy va mahalliy adabiyotshunos olimlar insoniyat tamadduniga munosib hissa qo‘shgan o‘zbek xalqining buyuk ajdodi haqida faxrlanib gapirdilar. Konferensiyaning ayrim ishtirokchilari muxbirlarimiz bilan suhbat chog‘ida ma’naviyat bayramidan olgan taassurotlarini to‘lqinlanib so‘zlab berdilar.

Fikret TURKMЕN, Egey univer­siteti “Turk dunyosi tadqiqotlari” ins­tituti professori (Turkiya):

— Alisher Navoiy turk dunyosining mushtarak qad­riya­tidir. Bu jihatdan, Farbdan Sharq­qa qadar turkiy xalq­larning barchasi Navoiyni faxr ila “bizniki” de­yi­sha­­di. Uning asar­lari­ni sevib o‘rga­ni­shadi. Bu borada men ham baholi qud­­rat faoliyat ko‘rsat­moqdaman. Ho­zirgina xushxabar oldim. Istanbul shahrida Na­voiyni jahonga bergan o‘zbek xalqiga, uning og‘zaki va yozma ijodiga ixlosim va muhabbatim tarannum etilgan “Tohir va Zuhra” dos­tonim musiqiy asar si­fa­ti­da sahna­lash­tirilibdi. Umuman olganda, mazkur anjuman turkiy xalqlar vakillarini, tili va millatidan qat’i nazar, ja­hondagi barcha navoiyshunos olim­lar­ni o‘zaro bir-biriga yaqinlashtirdi, ham­korlik va hamjihatlikka asos soldi.

Aleksey PILЕV, filologiya fan­lari nomzodi (Rossiya):

— Navoiy asarlaridagi teran fal­sa­fa, betakror tashbehlar va she’riy san’­atning rang-barangligi butun insoniyatni ezgulikka, go‘zallikka chor­laydi. Bu ulkan ma’naviy boylikni ja­hon bo‘ylab keng yoyish, dunyo xalq­lari­ni Navoiyning ijod namunalari bi­lan bahramand etishda tarjima san’­atining o‘rni katta. O‘zbekiston Yozuv­chi­lar uyushmasi va “Ijod” jamoat fon­di tomonidan buyuk mutafakkirning “Xa­zoyin ul-maoniy” asarini o‘n to‘rt tilda nashr etish loyi­hasi ishlab chiqilgan edi. Loyiha doi­rasida ushbu asar filologiya fanlari nomzodi K. Panchenko tomonidan ilk bor rus tilida to‘plam holida nashr etildi. Biz bundan juda ham xursand bo‘ldik.

Turkiy tillar tarjimoni Sergey Ni­kolayevich Ivanov ham Alisher Navoiy­ning “Lison ut-tayr” dostoni hamda bir qancha g‘azal va ruboiylarini rus ti­liga o‘girgan. Men konferensiyada uning Alisher Navoiy lirikasi bo‘yicha qilgan ilmiy ishlari xususida ma’­ru­za qildim.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, “Far­hod va Shirin” dostonidagi Farhod obrazi el-yurt farovonligi uchun ja­sorat ko‘rsatgan, insonlarning hu­quq­larini himoya qiluvchi, oliyjanob va adolatli, shafqatli va sofdil, meh­nat­sevar va halol shaxsdir. U yoshli­gidan jismonan baquvvat bo‘lib ul­g‘aya­di, ko‘plab ilmlarni mukammal egal­laydi. Shoh farzandi bo‘lishiga qa­ramay, hunar o‘rganishga intilib, tog‘dan suv chiqarishga ki­ri­shadi. U el-ulus farovonligi, yurt obodligiga hissa qo‘shishga oshiqadi. Bu ulug‘vor g‘oya bugun mamlakatingizda amal­ga oshi­rilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ish­lariga hamohangdir.

Olmos ULVI, filologiya fanlari doktori, pro­fessor (Ozarbayjon):

— Navoiy shahrida o‘tayotgan xalqaro konferensiyaga ikkinchi marta ishtirok etishim. Bunday anjumanni Navoiy ijo­di bayrami, deb aytish mumkin. An­juman sa­babli minglab ko‘ngillarga Navoiy ziyosi taraldi, uning falsa­fa­si, tasavvufiy qarashlari, g‘oyalari ma’naviyatga tashna qalblarga obi-rahmat bo‘ldi. Sharq mamlakatlari Na­voiy bobomizni o‘zining dahosi deb biladi. Bugun olimlarning ma’ruza­lari­ni tinglaganimizda ham bunga amin bo‘ldik. Navoiy turkiy xalqlar ada­­biyoti muallimi, asoschisidir.

Navoiy she’riyati Ozarbayjon poe­ziya­siga juda katta ta’sir ko‘rsatgan. Fuzuliy o‘zini Navoiyning shogirdi, deb hisoblagan. Boku shahrida she’­riyat mul­kining sultoni, avliyolarning av­liyosi Navoiy hazratlariga qo‘yil­gan hay­kal ham shoir dahosiga ko‘rsa­til­gan chu­qur ehtirom ramzidir.

Alisher Navoiy insoniyatga ezgu­lik­ni tarannum etdi, yaxshilikka chaqirdi. Oqil, fozil, dono, ma’nan komil odam­lar ko‘p bo‘lishini orzu qildi. Bugungi anjuman uning ijodi, ma’rifiy qa­rash­­larining o‘ziga xos targ‘ibotidir. Navoiy ijo­di xalqlarni xalqlarga bog‘laydi, olim­­lar, insonlar o‘rta­si­dagi ahil­lik va do‘stlikni mustah­kam­lashda davom etadi.

Alimaa AYUUASHJAV, Mongoliya fanlar akademiyasiga qarashli til va adabiyot instituti yetakchi ilmiy xodimi:

— Bugungi xalqaro konfe­ren­siyada turib, o‘zbekistonliklarga chin­dan havasim kelmoqda. Axir, ularning Ali­sher Navoiydek so‘z mulkining sultoni bo‘la olgan buyuk ajdodlari bor. Bun­dan faxrlanmay bo‘larkanmi? Na­voiy­ni bizning yurtimizda ham yaxshi bi­lishadi. Asarlari to‘liq o‘rganilma­gan bo‘lsa-da, durdona hik­­matlari, pand­nomalari qal­bimizdan joy olgan.

Alisher Navoiy is­te’dodli shoir­gina emas, komil fay­­­lasuf ham edi. Uning ijodini bir­­­gina anjuman doi­rasida so‘zlab, ado­g‘iga yetib bo‘lmay­di. Hali bu borada yana qancha izlanish, o‘r­ganish darkor. Mu­himi, unda yosh adabiyotshunos olim­larning faolligi kishini quvontir­a­di. Shu o‘rinda ay­tishim lozimki, Na­voiyning avlod­lari bilan yuzma-yuz ko‘­rishib turga­nim­dan, O‘zbekistonga bo‘lgan tashrif­dan bag‘oyat xursandman. Tadbir men uchun unu­tilmas bo‘lib qo­li­shi aniq.

Baxtiyor FAYZULLOYEV, Xo‘jand dav­lat universiteti Sharq tillar fa­kulteti dotsenti (Toji­kis­ton):

— Respublikamizda Navoiy ijodiga bag‘ishlab ko‘plab tad­birlar o‘tka­zi­ladi, matbuotda turli maqolalar chop etiladi. U zot ikki til egasi — zulli­sonayn shoir hisob­la­na­di. Hazrat Navoiy fors-tojik ada­biyo­tining yorqin vakili Nuriddin Abdu­rah­mon Jomiy g‘azaliga tatabbu’ bog‘­lagan. Uni o‘ziga ustoz-pir tutgan. O‘z nav­batida Jomiy ham Navoiy ijodiga yuksak baho beradi. Shoir Navoiy maz­kur bag‘ishlovida tajvid san’atini mo­hirona qo‘llaydi. Tojik go‘zalini kip­­rikka, o‘zbek mohipaykarini ko‘zga qiyoslagan. Afg‘onistonlik olim Orol Ha­bibiy ham ta’kidlab aytganidek, sho‘ro davrida mutafakkir asarlari biryoqlama tadqiq qilindi. Navoiyni o‘rganish va tushunish shunchaki faoliyat bo‘l­may, balki chinakam fidoyilik, mu­kammal bilimlarni talab etadi. Shoir hayoti, ijodi va faoliyatiga oid bosh­qotirma-krossvordlardan dars jarayonida unumli foydalanyapmiz. Ular o‘quvchi va talabalarni zakiylik, chuqur o‘qib-izlanishga da’vat qiladi. Mak­tablarda o‘tiladigan krossvord darsi o‘qituvchi rahbarligida olib boriladi. Savollarga to‘g‘ri va aniq javob topgan o‘quvchilar ustoz tomo­ni­dan rag‘batlantiriladi.Har bir bosh­qotirmada kamida 30-40 tadan savol bo‘­ladi. Bu nafaqat o‘quvchi, balki o‘qi­tuvchidan ham o‘z ustida jiddiy ish­lash­ni, puxta ilm olishni talab etadi. Bir xil qolipdagi darslar va o‘qituvchi­lar­ning tanbehu dashnomlaridan zerikkan yoshlarda krossvord yechish tufayli yangi iqtidor va iste’dod buloqlari ochi­­ladi. Hazrat Navoiy ijodiga bo‘l­gan mehr-muhabbat uyg‘onadi. Zamo­na­viy ta’lim jarayonida bu muhim aha­miyat kasb etadi.

Ko‘ngil HAJIYEVA, Ni­zo­miy Gan­javiy nomli adabiyot ins­ti­tuti il­miy izlanuvchisi, dotsent, fi­lolo­giya fanlari nomzodi (Ozarbayjon):

— Dunyo­da shunday insonlar bo‘ladiki, ular iste’dodi, ma’naviy olami bi­lan barcha xalqlarning yo‘lchi yul­du­ziga ay­lanadi. Atoqli mutafakkir haz­rat Alisher Navoiy ana shunday buyuk zot­lardan biri ekanligiga shubha yo‘q. Fazal mulkining sultoni Ozarbay­jon­da ham cheksiz hurmat, ehtiromga ega.

Navoiy o‘z davrida Nizomiydan il­homlanib asarlar yaratgan bo‘lsa, Fu­zuliy, Kish­variy, Shoh Qosim Anvar kabi ko‘plab ozarbayjon shoirlari tur­kiy til­ning ne­chog‘li go‘zal va rang-barangligini ko‘rsatib berolgan shoir­­dan zavq olib g‘azallar bitishdi. O‘sha paytda ham o‘zaro qardoshlik va do‘stlik muhiti bor edi. Alisher Navoiyning Shoh Qosim An­­var bilan birodar bo‘lgani haqida man­balarda keltiriladi.

Ulug‘ mutafakkir ijodini qanday ta’riflashni o‘y­lab qolaman. U cheksiz, tubi yo‘q bir daryo kabi. Bu ijod ola­miga sho‘ng‘isangiz, duru gav­harlarga to‘lib boraverasiz. Ammo u tugamaydi. Birgina “Xamsa”ning beshta dos­to­nini yirik marvaridlar degim ke­ladi. Unda tarannum etilgan mard­lik, muhabbat, vafo, sadoqat, bag‘ri­keng­lik, oliyhimmatlilik fazilat­lari inso­niyatni hamisha ezgulikka chor­laydi. Navoiy asarlari joziba­dor­ligining siri ham shunda. Shubha yo‘qki, u umr­bo­qiy bo‘lib qolaveradi.

Ibrohim HAQQUL, filologiya fanlari doktori, O‘zbekiston RyespublikasiFanlar Akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori ins­ti­­tuti professori:

— O‘zbekiston navoiyshunoslikning poytaxti bo‘lsa, Navoiy shahrini na­voiyshunoslik markazi deb aytish mum­kin. Viloyatda Hazratning ta­vallud ayyomi xalqaro miqyosda keng ni­shon­la­nib kelinyapti. Bu yilgi xalqaro an­juman juda yuqori saviyada o‘tdi.O‘n­dan ortiq xorijlik professor va olim­­lar o‘zlarining ilmiy ma’ruza­lari bilan qatnashdilar. Mavzular xilma-xil, ularni tinglab, Na­voiy dahosi­ning ochil­magan qirra­lari­ni eshitib hay­rat­lanamiz, tasavvur­lari­miz yangi­la­nadi. Har bir ilmiy iz­lanishdan ting­lovchi o‘ziga xos yan­gilik topa oladi.

Eng asosiysi, navoiyshunos olimlar ora­sida yoshlar ko‘pchilikni tashkil etyap­ti. Ular navoiyshunoslikka kirib keldimi, bilingki, istiqbol bor. E’­tibor qilsak, Navoiy asarlarining asosiy qahramonlari ham yoshlar. Chun­ki avliyolarning avliyosi bo‘lgan bu zot Vatan, millat, adabiyot, ma’naviyat bi­lan bog‘liq ko‘p orzu-umidlarini yoshlar bilan bog‘lagan, ular obrazida yorqin ifodalab kelgan.

Sobiq ittifoq davrida Navoiy ijodi bir yoqlama o‘rgatilib, tasav­vu­fiy, diniy qarashlari e’tibordan soqit etilgan. Mustaqillik sha­ro­fati bilan yurtimizda Navoiy asar­lari­ning o‘rganilmagan jihat­lari ochib berilyapti. Shu ma’noda, bu­gungi kon­fe­rensiya o‘ziga xos savod­xon­lik mak­tabi bo‘ldi. Eron, Afg‘onis­ton­dan kel­gan olimlarning, shuningdek, o‘zimning ma’ruzam ham Navoiy asar­larining ir­foniy, ma’rifiy jihat­lari, ta­sav­vufona qarashlariga bag‘ish­landi.

Ma’rifat — bu ko‘ngil ilmi, de­gani. Alisher Navoiy asarlarining ma’ri­fat bilan bog‘liq jihatlarini keng targ‘ib etishimiz kerak.

Mehrinoz ABBOSOVA, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Markaziy Ken­gashi qoshidagi “Yosh ijodkorlar uyush­masi” nodavlat notijorat tash­kiloti raisi:

— She’riyat mulkining sultoni Ni­zo­middin Mir Alisher Navoiyning ta­vallud ayyomi yurtimizda har yili kat­ta bayram sifatida nishonlanadi. Bu xalqimizning milliy qad­riyat­lari­mizni e’zozlashi, she’­riyat va ada­biyot bilan hamnafas yasha­shi­ning yana bir dalilidir. Ta’lim-tarbiya bobida uning asarlariga mu­rojaat qilish mu­him ahamiyat kasb eta­di. Chunki Na­voiy­ning asarlarida ez­gulik, vatanpar­varlik, mardlik, mehr-oqibat kabi fazilatlar hamisha yetak­chi o‘rin­ga qo‘yilgan. Uni hazrat Navoiy o‘z asar­larida haqiqatni shunday ta’­sir­chan ifo­dalaydiki, buni o‘qigan inson xayr­li ishlar qilishga shoshiladi.

Ota-onaga bo‘lgan cheksiz hurmat ham hik­matlarga yo‘g‘rilgan ruboiylari­ning asosiy mavzularidan biridir:

Boshni fido ayla ato qoshig‘a,

Jismni qil sadqa ano boshig‘a.

Tun-kuningg‘a aylagali nur fosh,

Birisin oy angla, birisin quyosh.

Haqiqatan ham bobokalonimiz ijo­di­dagi g‘oyalar xazina. Uning ijodida yax­shilikka da’vat, yomonlikdan uzoq bo‘­lish, o‘zini o‘zi tarbiyalash g‘oyasi mu­jassam.

Shu sababdan ham bir necha asrlardan buyon buyuk ajdodimizning benazir asar­­­lari xalqimiz tomonidan sevib o‘qi­ladi va bugun ham tobora omma­lash­moqdaki, ularda ilgari surilgan g‘oya­lar aha­miya­tini aslo yo‘qot­gani yo‘q. Mu­tafakkir nomi bilan ata­ladigan vi­loyatda ikki yildan buyon o‘tkazi­layotgan xalqaro konferensiya ham uning umr­bo­qiy ijo­dini yanada teranroq o‘r­ga­nish­ga, dunyo xalqlari o‘rtasida omma­­la­shu­viga o‘zi­ning munosib his­sa­sini qo‘shadi.

O‘z muxbirlarimiz.

Если вы нашли ошибку, пожалуйста, выделите фрагмент текста и нажмите Ctrl+Enter.

Оставьте ответ

Ваш электронный адрес не будет опубликован.

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: